Alfraganus University va UzAuto Motors Powertrain hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladi
2025-yil 19-iyun kuni Alfraganus University va “UzAuto Motors Powertrain” aksiyadorlik jamiyati ilmiy-ta’limiy va ishlab chiqarish salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan strategik hamkorlik memorandumi imzoladi.
Hujjat Alfraganus University rektori Muhammadismoil Mahmudov va UzAuto Motors Powertrain bosh direktori vazifasini bajaruvchi Saidazim Gulyamov tomonidan imzolandi. Ushbu kelishuv O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi doirasidagi vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Tomonlar malakali mutaxassislarni tayyorlash, talabalar va o‘qituvchilarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga jalb etish, shuningdek, innovatsion yondashuvlarni ta’lim va ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish borasida hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Ushbu hamkorlik qonuniylik, shaffoflik, o‘zaro hurmat va tenglik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
Alfraganus University va UzAuto Motors Powertrain o‘rtasidagi memorandum imzolanishi ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Bunday hamkorlik raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash, innovatsiyalarni joriy etish va mahalliy sanoat oldidagi dolzarb vazifalarni hal qilishga xizmat qiladi.