2025.04.30 UzAvto Motors Powertrain "Mehnatni muhofaza qilish haftaligi" doirasida ochiq eshiklar kuni o‘tkazdi

"Mehnatni muhofaza qilish haftaligi" doirasida UzAvto Motors Powertrain korxonasida ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi. Ushbu tadbirda turli mahalliy va xalqaro tashkilotlar vakillari mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ilg‘or tajriba bilan almashish maqsadida yig‘ildilar.

 

Mehmonlarga ishlab chiqarish jarayonlari, zamonaviy texnologiyalar, shuningdek, ishchilar uchun yaratilgan xavfsiz va qulay mehnat sharoitlari bilan tanishish imkoniyati berildi. Tashrif buyurgan tashkilotlar vakillari amaliyotda mehnatni muhofaza qilish va sanoat xavfsizligi bo‘yicha yuqori standartlarning qanday amalga oshirilishini ko‘rishdi.

 

Tadbirdan asosiy maqsad — UzAvto Motors Powertrain korxonasining mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, so‘ngra uni boshqa tashkilotlarda moslashtirish va qo‘llash.

 

Tadbirda ishtirok etganlar orasida Xalqaro mehnat tashkiloti vakillari, Turkiya Mehnat va ijtimoiy ta'minot vazirligi, Qozog‘iston Respublikasi delegatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, O‘zbekiston Ish beruvchilar konfederatsiyasi, tarmoq kasaba uyushmalari va Respublika kasaba uyushmalari kengashi vakillari bo‘ldi.

 

Bunday tadbirlarni o‘tkazish UzAvto Motors Powertrain korxonasining nafaqat mehnatni muhofaza qilish sohasidagi yuqori standartlarni qo‘llab-quvvatlash, balki o‘zining tajribasini professional jamoatchilik bilan baham ko‘rish va butun tarmoq bo‘yicha xavfsiz va mas'uliyatli ishlab chiqarish muhitini yaratishga hissa qo‘shish istagini aks ettiradi.