Butunjahon Yer kuni munosabati bilan “Fizika-Quyosh” institutiga tashrif
2025-yilgi Butunjahon Yer kuni global mavzusi — "Sayyoramiz energiyasi" doirasida, 2025-yil 19-aprel kuni UMPT xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining “Fizika-Quyosh” institutiga tashrif buyurishdi.
Ushbu tadbir “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil iqtisodiyot yili”ga bag‘ishlanib, Ekologiya bo‘limi tomonidan tashkillashtirildi. Uning asosiy maqsadi — xodimlar orasida ekologik savodxonlikni oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari haqida tushunchalarni kengaytirishdan iborat bo‘ldi.
 
 
“Fizika-Quyosh” instituti — bu fundamental ilmiy tadqiqotlar bilan bir qatorda, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, geliomaterialshunoslik, asbobsozlik sohalarida yuqori samarali texnologiyalarni ishlab chiqishga ixtisoslashgan yetakchi ilmiy markaz hisoblanadi.
 
 
Tashrif davomida ishtirokchilar institut faoliyati, uning asosiy ilmiy yo‘nalishlari, hamda quyosh energiyasi sohasidagi zamonaviy yutuqlar bilan tanishdilar. Ayniqsa, institutdagi noyob ilmiy obyekt — 1000 kVt quvvatga ega Ulkan quyosh pechi hodimlar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur obyekt — avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga ega bo‘lgan murakkab optik-mexanik majmua bo‘lib, geliosat maydoni va paraboloid kontsentratoridan iborat. Ushbu tuzilma texnologik minoradagi fokus nuqtasida yuqori zichlikdagi nurlanish oqimini shakllantiradi. Qurilma yordamida harorat 3000°C gacha yetishi mumkin.
Bunday inshoot dunyo bo‘yicha faqatgina ikki joyda mavjud bo‘lib, ulardan biri aynan ushbu institutda joylashgan, ikkinchisi esa Fransiyada joylashgan.
Ekskursiyani texnika fanlari doktori (PhD) Shermatov Javohir Zafarovich olib bordi. U institutda olib borilayotgan tadqiqotlar, amalga oshirilayotgan loyihalar va quyosh energiyasining barqaror rivojlanishdagi o‘rni haqida batafsil ma’lumot berdi.
 
Tashrif nafaqat qiziqarli va bilimga boy bo‘ldi, balki atrof-muhitga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish va tabiiy resurslarni tejash zarurligini tushunishga yordam berdi.