UzAuto Motors Powertrain zavodida Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi haftaligi muvaffaqiyatli o‘tkazildi

2025-yil 25-apreldan 2-maygacha UMPTda Mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi haftaligi bo‘lib o‘tdi. Tadbirning asosiy maqsadi — xodimlarning mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo‘yicha xabardorlik darajasini oshirish, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda xavfsiz mehnat ma’daniyatini shakllantirishdan iborat bo‘ldi.

 

Hafta davomida har kuni mehnat muhofazasi mavzusiga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi, xodimlarga TAKE-2, 5S va kompyuterda ishlash qoidalari bo‘yicha axborot flayerlari tarqatildi. Tadbirning amaliy qismiga alohida e’tibor qaratildi. Kimyoviy moddalarning to‘kilishini oldini olish, eritilgan metall to‘kilganda va quyuv tsexida yong‘in yuzaga kelganda qanday harakat qilish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

 

Shuningdek, kuyish va suyak sinish holatlarida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha treninglar tashkil etildi. Bu mashg‘ulotlar favqulodda holatlarga tayyorlik darajasini mustahkamlashga xizmat qildi. Bundan tashqari, ishlab chiqarish bo‘limi xodimlari bilan uchrashuvlar tashkil etilib, ularda shaxsiy himoya vositalarini to‘g‘ri taqish, ish joylarida mobil qurilmalardan foydalanish va xavfsiz mehnatning boshqa muhim jihatlari muhokama qilindi.

 

Energiya manbalarini blokirovka qilish va u bilan bog‘liq xavflar, hamda kasbiy kasalliklar mavzularida seminarlar ham o‘tkazildi. Haftalik doirasida ochiq eshiklar kuni ham tashkil etilib, unda mahalliy va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Xalqaro mehnat tashkiloti, vazirliklar, kasaba uyushmalari, Qozog‘iston va Turkiya delegatsiyalari qatnashdi.

 

Hafta yakuni interaktiv tarzda – o‘yinlar va viktorinalar bilan o‘tkazildi: “O‘z o‘yinim”, “Kazino” va “Mehnat muhofazasi bo‘yicha eng bilimdon” kabi tadbirlar xodimlar bilimini sinovdan o‘tkazish bilan birga, treningni qiziqarli va esdaqolarli qildi.

 

Olingan bilim va ko‘nikmalar – xavfsiz va samarali ish faoliyatining garovidir. Bizbirgalikda xavfsizlik madaniyatini yaratmoqdamiz!