"Uzavtosanoat" aksiyadorlik jamiyatining tarkibiga kiruvchi kompaniya- "UzAuto Motors Powertrain" (UMPT) Meksikaning Ramos shahridagi GM zavodi yig‘uv liniyasiga CSS Prime dvigatellari uchun 1,2 litr hajmdagi LiH silindr bloklarini eksport qilishni yo'lga qo'ydi. Kompaniya 2025-yil fevral oyining oxiriga qadar GM konveyeriga 20 000 dona silindr blokini eksport qilish bo'yicha shartnoma imzoladi.
2024-yil 2-dekabrda sinov uchun dastlabki 108 dona silindr bloklarini yuborish tadbiri bo‘lib o‘tdi. Eslatib o'tamiz, 2024-yil noyabr oyida UMPT 1.2 litrli CSS Prime dvigatellari bo'yicha uchinchi (yakuniy) bosqichni, ya'ni silindr bloklarini yig'ish, mexanik ishlov berish va yuqori bosim ostida quyish jarayonlarini o'z ichiga olgan 160 million dollar miqdoridagi investitsiya loyihasini muvaffaqiyatli yakunlagan edi. Ushbu loyiha UBS (Shveytsariya) bankining kredit mablag'lari hisobiga moliyalashtirilgan.