"Biznes ahamiyati" loyihasi boshlandi!

UzAuto Motors Powertrain (UMPT) kompaniyasidagi biznes jarayonlarini chuqurroq tushunishga qaratilgan "Biznes ahamiyati" loyihasi doirasida birinchi trening o‘tkazildi. Ushbu treningni xaridlar departamenti direktori Abduraxim Usmanov olib bordi.

Treningda yetkazib beruvchilarni to‘g‘ri tanlash va xaridlar muvaffaqiyatiga ta’sir qiluvchi omillar haqida ma’lumot berildi. Ishtirokchilar sotib olish jarayonida yetkazib beruvchilar va buyurtmachilar o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar, shuningdek, kompaniyaning muvaffaqiyatiga bevosita ta’sir qiluvchi omillarni qanday hisobga olish kerakligini o‘rgandilar. Ayniqsa, xaridlar zanjiri, xarid qilishning asosiy qoidalari va usullari haqida alohida to‘xtalib o‘tilgan.

Abduraxim Usmanov xarid jarayonlarini strategik ravishda boshqarishning ahamiyatini ta’kidlab, mavjud jarayonlarni yaxshilash va kompaniyaning raqobatbardoshligini oshirishga yordam berishini aytdi.

Trening yakunida ishtirokchilar o‘quv simulyatsiyasi orqali muzokaralarda ishtirok etib, o‘rgangan bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rishdi.

Bu trening kompaniyaning biznes jarayonlarini va turli bo‘limlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni yaxshilash uchun muhim qadam bo‘ldi.