"UzAuto Motors Powertrain" AJ da energiyani boshqarish bo‘yicha xalqaro ISO 50001 standarti joriy etilgan. Bu kompaniyaning energiya samaradorligini oshirish va atrof-muhitga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan strategiyasining bir qismidir.
Zavod hududida umumiy quvvati 760 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, bu elektr energiyasi iste’molini sezilarli darajada kamaytiradi. Yil oxiriga borib bu quvvat 960 kVt ga yetkazilishi rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mavjud quyosh kollektorlari suv isitishda gaz va elektr energiyasi sarfini kamaytirishga yordam beradi.
Kompaniyada, shuningdek, ASTUE tizimi (Avtomatlashtirilgan Energiya Hisoboti va Nazorati tizimi) joriy qilingan bo‘lib, u energiya sarfini real vaqt rejimida tahlil va nazorat qilish imkonini beradi. Ish vaqtidan tashqari yoritish chiroqlarini o‘chirib qo‘yish orqali yiliga 1,5 million kVt/soatgacha elektr energiyasi tejalmoqda.
Kompensatsiya qurilmalari, chastota o‘zgartirgichlar va harakat sensorlari kabi texnologiyalardan foydalanish energiyani samarali sarflashga va yo‘qotishlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Kompaniya barqaror va texnologik rivojlangan kelajak sari ishonch bilan harakat qilmoqda.