"UzAuto Motors Powertrain" "Landfill free" maqomiga erishdi, ya’ni chiqindilarning bironta turi ham chiqindi poligonlariga yuborilmaydi.
UzAuto Motors Powertrain zavodida dvigatellarni ishlab chiqarish jarayonida bir necha turdagi chiqindilar hosil bo'ladi. Zavoddagi chiqindilarni boshqarishning asosiy yo'nalishi 3Rs (Reduce, Reuse, Recycle) printsipi asosida boshqariladi: ya’ni chiqindilarni avvalo kamaytirish, so’ng chiqindilarni qayta ishlatish va qayta ishlashdan iborat.
Chiqindilarni poligonlarda saqlash jarayonida odamlar salomatligiga va atrof muhitga ta'sir qiladigan bir qator muammolar yuzaga keladi, masalan: chiqindi gazining hosil bo'lishi va havo ifloslanishi, landshaft buzilishi, suv va tuproq ifloslanishi va boshqa muammolar. Respublikamizda chiqindilarni utilizatsiya qilish va qayta ishlash muammosi alohida ahamiyatga ega. «Bugungi kunda respublikadagi qattiq maishiy chiqindilar 1,6 ming gektar yerni egallagan bo’lib, 221 ta chiqindi poligonlariga ko'milgan. 2017 yilda chiqindi poligonlari 80-90 foizga to'lgan». ("Куда выносится сор из избы или Как не зарыть экологию Узбекистана". Sputnik Узбекистан)
Atrof-muhitga ta'sirini kamaytirish maqsadida 2021 yil iyul oyidan boshlab UzAuto Motors Powertrain rahbariyati bironta ham chiqindilarni poligonlarga jo'natmaslikka qaror qildi. Endi zavodda hosil bo'lgan barcha chiqindilar qayta ishlatiladi yoki utilizatsiya qilinadi, issiqlik energiyasini olish uchun maxsus pechda yoqiladi va natijada tabiiy gazni tejashga imkon beradi.