2025-yil 29-iyul kuni UMPT zavodining Xodimlar bilan ishlash departamenti xodimlarni saralash bo‘limi vakillari tomonidan Kompaniyada amaliyot o‘tayotgan talabalar uchun ekskursiya tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi – talabalarga zavodning ishlab chiqarish jarayonlari, tizimlari va zamonaviy uskunalari bilan yaqindan tanishish imkonini yaratish edi.
Ekskursiya davomida talabalar korxonaning asosiy bo‘linmalarida – quyish sexi, mexanik ishlov berish sexi hamda dvigatellarni yig‘ish sexida bo‘lishdi. Ular real ishlab chiqarish jarayonlarini ko‘zdan kechirish, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olish va nazariy bilimlarini mustahkamlash uchun amaliy tajriba orttirish imkoniga ega bo‘lishdi.
Bu ekskursiya barcha ishtirokchilar uchun foydali va qiziqarli tajribaga aylandi. U talabalar uchun yirik sanoat korxonasining ish faoliyatini chuqurroq tushunish va ishlab chiqarish bosqichlari o‘rtasidagi uyg‘unlikning qanchalik muhimligini anglashga yordam berdi.
Tadbir yakunida talabalar tashkilotchilarga ishlab chiqarish jarayonlari bilan bevosita yaqindan tanishish imkoniyati yaratilgani uchun minnatdorchilik bildirishdi.