Hurmatli korxonamiz mehnat jamoasi va hamkorlar!

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning 2019 yil 27 maydagi «O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5729-sonli Farmoniga muvofiq, davlat tashkilotlarida 2020 yil 1 aprelga qadar «Komplayens-nazorat» tizimini joriy etish talabi belgilangan. Shu munosabat bilan kompaniyamizda xalqaro standartlar hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligining asosiy tamoyillariga muvofiq Komplayens xizmati tashkil etildi.

 

Ushbu tizimning asosiy maqsadi korrupsiyaviy xavf-xatarlarni barvaqt aniqlash, ularni baholash va bartaraf etish, shuningdek, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishdan iboratdir.

 

O‘zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonuni, ISO 37001:2025 «Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimlari — Talablar va qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar» xalqaro standarti tavsiyalari, AQSHning Xorijda korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonuni (FCPA) hamda Buyuk Britaniyaning 2010 yildagi Poraxo‘rlikka qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonuni (UK Bribery Act 2010) talablariga muvofiq, kompaniyada korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens-nazorat sohasidagi siyosatlar, tartib-taomillar, uslubiyatlar hamda normativ hujjatlar tasdiqlangan.

 

Mazkur hujjatlar korrupsiya bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik, manfaatlar to‘qnashuvining mohiyati, bunday salbiy holatlarning oldini olish va ularga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha tavsiyalar, kompaniyaning biznes hamkorlari rioya qilishi lozim bo‘lgan axloqiy me’yorlar, ishga qabul qilish tartib-taomillari, xayriya va tijorat homiyligi, pul mablag‘larini legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, sanksiyalar hamda eksport nazorati masalalarini qamrab oladi.

 

Komplayens xizmati tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish, mavjud xavf-xatarlarni monitoring qilish va keng qamrovli korrupsiyaviy xavflarni aniqlash bo‘yicha tizimli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Kompaniyamiz ISO 37001:2016 «Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimlari» xalqaro standarti talablariga muvofiq sertifikatlangan.

 

ISO 37301:2021 «Komplayens menejment tizimlari» xalqaro standartiga muvofiqlik sertifikatini olish Kompaniyaning 2026 yil uchun asosiy maqsadlaridan biri etib belgilangan.

 

Hurmatli kompaniyamiz xodimlari va biznes hamkorlari!

 

Ushbu murojaat orqali sizlarni O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz hamda korrupsiya bilan bog‘liq yoki boshqa qonunga xilof harakatlarning har qanday holatlari aniqlangan yoki ular sodir etilganligiga shubha tug‘ilgan taqdirda, bu haqda compliance@umpt.uz elektron pochta manzili, +998-71-280-65-40 telefon raqami yoki Telegram orqali @compliance_umpt manziliga xabar berishingizni so‘raymiz.

 

Hurmat bilan,
"Uzauto Motors Powertrain" AJ Bosh direktori              Saidazim Gulyamov