UzAuto Motors Powertrainda huquqiy va moliyaviy xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan qator o‘quv sessiyalari o‘tkazildi
2026-yil 3–13-mart kunlari UzAuto Motors Powertrain kompaniyasida xodimlar uchun huquqiy savodxonlikni, shuningdek, shaxsiy moliyaviy va axborot xavfsizligi borasidagi xabardorlik darajasini oshirishga qaratilgan qator o‘quv sessiyalari tashkil etildi.
Sessiyalarda ma’ruzachi sifatida yuridik va korporativ boshqaruv masalalari bo‘yicha departament boshlig‘i Erkin Irgashev, shuningdek, huquqiy masalalar bo‘yicha ekspert-maslahatchi Dilshod Sadullayev ishtirok etdi.
Uchrashuvlar davomida zamonaviy xatarlar va keng tarqalgan firibgarlik sxemalari bilan bog‘liq dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Xususan, ishtirokchilarga internet firibgarligining eng ko‘p uchraydigan turlari, fuqarolarni chalg‘itish usullari, shuningdek, onlayn kredit rasmiylashtirish bilan bog‘liq xavflar haqida tushuntirish berildi.
Bundan tashqari, xodimlarga shaxsiy va maxfiy ma’lumotlarni uchinchi shaxslarga taqdim etishning mumkin bo‘lgan oqibatlari haqida ma’lumot berildi. Kredit majburiyatlari bo‘yicha kafil bo‘lib chiqishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy xatarlarga ham alohida e’tibor qaratildi.