2025.12.30 “UzAuto Motors Powertrain” korxonasida korrupsiyaga qarshi kurash qanday yo‘lga qo‘yilgan?

QAYERDA HALOLLIK BO‘LSA, O‘SHA YERDA RIVOJLANISH BO‘LADI
“UzAuto Motors Powertrain” korxonasida korrupsiyaga qarshi kurash qanday yo‘lga qo‘yilgan?

Korrupsiya — oqibati nihoyatda og‘ir bo‘lgan yashirin illat. U korxona, butun bir soha yoki davlat bo‘ladimi, ishonchni yemirib, taraqqiyotga soya soladi. Shu sababli dunyoda halollikni saqlashga qaratilgan turli mexanizmlar ishlab chiqilgan. Shulardan eng samaralisi hozirda 100 dan ortiq mamlakatda qo‘llanilayotgan komplaens-nazorat tizimidir.

Yurtimizda ham bu yo‘nalishda izchil ishlar olib borilmoqda. Yirik sanoat korxonalarida ushbu tizim joriy etilib, shaffoflik va adolat bosh tamoyillarga aylanmoqda. Bunga “O‘zavtosanoat” AJ tarkibidagi “UzAuto Motors Powertrain” korxonasi faoliyatini misol qilish mumkin. Muassasa rahbari Saïdazim G‘uliamov bilan suhbatda ishlab chiqarish salohiyati, kadrlar siyosati va korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan ishlar batafsil muhokama qilindi.

ZAMONAVIY TEXNOLOGIYALAR, ULKAN SALOHIYAT
Korxona o‘z faoliyatini 2012 yilda boshlagan. Dastlabki yillarda “Spark” avtomobili uchun dvigatellar ishlab chiqarilgan bo‘lsa, keyinchalik “Lacetti”, “Cobalt”, “Tracker” va “Onix” modellariga ham ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
— 2023 yilda biz 228 ming dvigatel ishlab chiqardik, 2024 yilda esa bu ko‘rsatkich 270 mingni tashkil etdi, joriy yilda esa 250 ming dona ishlab chiqarildi, — deydi Saïdazim G‘uliamov. — Hozirgi imkoniyatimiz yiliga 415 ming donagacha ishlab chiqarishga yetadi.
2022 yil oxirida ishga tushirilgan CSS Prime liniyasi korxonani butunlay yangi bosqichga olib chiqdi. Silindr boshlarini gravitatsion quyish texnologiyasi nafaqat O‘zbekistonda, balki MDH hududida ham ilk tajriba hisoblanadi.

YUKSAK TALAB VA EKSPORT
Korxona faqat ichki bozor bilan cheklanib qolmayapti. Hozirda dvigatel bloklari Meksikadagi GM zavodiga eksport qilinmoqda, shuningdek CKD usulidagi mahsulotlar Qozog‘istonning Qostanay shahriga yetkazib berilmoqda.
— Elektromobillar bozorga chiqqan bo‘lsa-da, ichki yonuv dvigatellariga talab hanuz yuqori, — deydi korxona rahbari. — Shu sabab ishlab chiqarish hajmi yil sayin oshib bormoqda. Joriy yilning muhim yangiliklaridan biri “Cobalt” MCM modellari uchun L2B dvigatellarini ishlab chiqarish loyihasi bo‘ldi. Ushbu dvigatellar DVCP tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, zararli gazlar chiqindilarini kamaytirishga yordam beradi.

ISHGA QABULDA “TANISH-BILISHCHILIK” YO‘Q
Korxonada 1284 nafar xodim mehnat qilmoqda. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishda shaffoflik va adolat ustuvor tamoyillar sifatida belgilangan. Ishga qabul ikki bosqichli test va suhbat asosida amalga oshiriladi. Suhbat jarayonlari videoga yozib boriladi. Eng muhimi, nomzodlar komplaens xizmati xulosasisiz ishga qabul qilinmaydi.
— Biz uchun nomzodning bilimidan tashqari, intizomi va mas’uliyati ham juda muhim, — deydi Saïdazim G‘uliamov. — Chunki ishlab chiqarishdagi har bir harakat mahsulot sifatiga ta’sir qiladi.

KOMPLAENS XIZMATI — BU JAZOLAYDIGAN EMAS, HIMOYA QILADIGAN TIZIM
Komplaens-nazorat xizmati bu yerda 2020 yildan beri faoliyat yuritadi va bevosita Kuzatuv kengashiga bo‘ysunadi. Bo‘lim xomashyo xaridi, tenderlar, davlat xaridlari, logistika va moliyaviy xatarlarni tahlil qilish kabi barcha yo‘nalishlarda nazorat olib boradi.
— Bu xizmat jazolovchi organ emas, — deydi rahbar. — U xatarlarni oldindan aniqlab, korxonani yo‘qotishlardan himoya qiladi. Zavodimizda korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha 14 banddan iborat yillik dastur ishlab chiqilgan. Unda mavjud xatarlarni kamaytirish va kelajakda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan vaziyatlarning oldini olish uchun 24 ta chora belgilangan.
Hujjat tegishli jarayonlarni tekshirish va monitoring qilish, mas’ul xodimlarni o‘qitish va treninglar o‘tkazishni qamrab oladi. Xususan, joriy yilda manfaatlar to‘qnashuvi, sovg‘alar va vakillik xarajatlari, xayriya va homiylik, biznes hamkorlar va uchinchi shaxslarni kompleks tekshirish, xizmat tekshiruvlarini o‘tkazish kabi yo‘nalishlarda ichki me’yoriy hujjatlar qayta ko‘rib chiqilib, yangidan qabul qilindi.
Ushbu hujjatlar asosida 2025 yilda 28 ta salbiy holat aniqlanib, 5,42 milliard so‘mlik shartnomalar tuzilmasdan qoldirildi yoki xaridlar bekor qilindi. Natijada vakolatli davlat organlari tomonidan korxonamizga 162,85 million so‘m miqdorida moliyaviy jarima qo‘llanishining oldi olindi.

ORTIQCHA XARAJATLAR VA “SAMARALI BITIMLAR”GA O‘RIN YO‘Q
Zavodda har bir tender va shartnoma komplaens xizmati hamda ichki audit tomonidan tekshiriladi. Agar affillangan kompaniyalar yoki qarindoshlik aloqalari aniqlansa, tender darhol bekor qilinadi. Joriy yilda o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida umumiy 16,51 milliard so‘mlik iqtisodiy samara erishildi.
Xususan, xarid va tanlovlar bo‘yicha 6,7 milliard so‘mlik xarajatlar to‘xtatildi, affillanish va manfaatlar to‘qnashuvi kabi noqonuniy holatlarning oldi olinishi natijasida 5,42 milliard so‘m tejandi. Asossiz va keraksiz xarajatlar bartaraf etilishi hisobiga 1,28 milliard so‘m iqtisod qilindi.
— Agar bu holatlar o‘z vaqtida to‘xtatilmaganida, korxona iqtisodiyotiga katta zarar yetkazishi mumkin edi, — deydi rahbar.

HAR BIR XODIM SHAXSIY MAS’ULIYATGA EGA
Komplaens bo‘limi boshlig‘i Azizbek Odilovning aytishicha, ishga kirayotgan har bir xodim manfaatlar to‘qnashuvi bo‘yicha deklaratsiya to‘ldiradi.
— Yaqin qarindoshlari qayerda ishlashi, shaxsiy biznesi bormi — barchasi ochiq ko‘rsatiladi, — deydi u. — Bu kelajakda muammolarning oldini olish uchun zarur.
Har hafta o‘quv seminarlar o‘tkaziladi. 9 dekabr — Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kunida esa “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etiladi. Jamoada mehnat intizomi va mehnat muhofazasiga qat’iy rioya etishga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki eng kichik yoki noto‘g‘ri harakat ham mahsulot sifatiga ta’sir etib, korxonaga katta iqtisodiy zarar keltirishi mumkin.
Bundan tashqari, mehnat muhofazasi qoidalariga amal qilmaslik nafaqat ishchining, balki atrofdagilarning hayotiga xavf tug‘diradi. Shu sabab mehnat muhofazasi bo‘yicha mas’ullar muntazam tushuntirish ishlari olib boradi. Shunga qaramay, ichki qoidalarga amal qilmaydiganlar ham uchraydi. Joriy yilda ichki hujjatlarni buzgan 27 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llanildi, mehnat intizomini qo‘pol buzgani uchun 5 kishi bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, bu qat’iy choralar qo‘llanishiga sabab — bir xodimning xatosi boshqalarga ham, zavodimiz mahsulotiga ham ta’sir qilishi mumkin. Ishga sog‘-salomat kelgan xodim — kimningdir otasi, farzandi, turmush o‘rtog‘i, akasi. Demak, u bu yerdan ham sog‘-omon qaytishi kerak. Zavodimizda mehnat muhofazasi va intizom masalasiga har doim jiddiy qaralgan va bundan keyin ham shunday bo‘ladi.

SIFAT QAT’IY NAZORAT OSTIDA
Ishlab chiqarish jarayonida har bir detal raqamlanadi. Qaysi smena, qaysi ishchi va qaysi bosqichda ishlagani aniq ko‘rinadi. Agar ishchi xato qilsa va uni o‘z vaqtida tan olsa, kamchilik bartaraf etiladi. Ammo yashirilgan xato qattiq jazo sababiga aylanadi.
— Ushbu tizim xodimlarni halol va mas’uliyat bilan ishlashga o‘rgatadi, — deydi bo‘lim menejeri Mirlaziz Mirvosikiy.
Korxonada xodimlarning ijtimoiy himoyasiga ham alohida e’tibor beriladi. Mehnat ta’tili pullari oldindan to‘lab beriladi, bayram kunlari qo‘shimcha to‘lovlar, yil davomida rag‘batlantirishlar mavjud. Sport maydonchalari, ommaviy tadbirlar, oila a’zolari ishtirokidagi bayramlar jamoada sog‘lom muhit yaratishga xizmat qiladi.
— Agar xodim o‘z mehnati qadrlanishini his qilsa, u hech qachon korrupsiyaga yaqinlashmaydi, — deydi Saïdazim G‘uliamov.
“UzAuto Motors Powertrain” korxonasiga tashrifimiz davomida komplaens-nazorat tizimi bu yerda amalda ishlayotganiga amin bo‘ldik. Shaffoflik, qat’iy nazorat va inson qadriyatiga berilgan e’tibor korxonaning barqaror rivojlanishini ta’minlayotgan asosiy omillardir.

Zebo Namozova,
“Ishonch” gazetasidan. №155–156 (5220). 27 dekabr 2025 yil.