2026.06.25 Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashishda ishtirok et!

Firibgarlarga ishonib, pushaymon bo‘lmang!
2026-yil mavzusi
: “Jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish

So‘nggi vaqtlarda xalqaro terroristik tashkilotlar o‘zlarining qo‘poruvchilik va buzg‘unchilik maqsadlarini amalga oshirish uchun mablag‘ yig‘ishning yangi usullarini qo‘llamoqda.

Ular xalqimizning sahovat va saxovat qadriyatlarini suiiste’mol qilib, chet davlatlardagi notinch hududlarda, jumladan, G‘azo sektorida aziyat chekayotgan musulmonlarga yoki xorijdagi nogiron ayollar va bolalarga moddiy yordam ko‘rsatish niqobi ostida ijtimoiy tarmoqlar orqali turli e’lonlarni tarqatib, o‘z manfaatlari yo‘lida mablag‘ yig‘ishmoqda.

Afsuski, ayrim fuqarolarimiz bilmagan holda yoki vaziyatni to‘liq anglamasdan, terrorchilar tarqatgan e’lonlardagi video va tasvirlardan ta’sirlanib, mazlumlarga yordam berish va savob olish ilinjida pullarini e’lonlarda ko‘rsatilgan to‘lov kartalariga o‘tkazib berishmoqda.

Ammo o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, e’lonlarda ko‘rsatilgan to‘lov kartalariga o‘tkazilgan mablag‘lar qiynalayotgan ayollar va bolalarga dori-darmon, oziq-ovqat yoki kiyim-kechak xarid qilish uchun emas, aksincha, begunoh insonlarning o‘limiga sabab bo‘layotgan terrorchilar qo‘liga tushmoqda.

Aziz hamkasblar! Savobli ish qilaman deb, bilmagan holda terrorchi tashkilotlarga ko‘mak berib qo‘ymang. Shuningdek, begona shaxslar sizning nomingizga to‘lov kartasi, kriptohamyon yoki boshqa hisob raqamlarini ochishni so‘rasa, aslo rozi bo‘lmang. Chunki sizning nomingizga ochilgan hisob raqamlaridan o‘zgalarning g‘arazli maqsadlari yo‘lida mablag‘ yig‘ish uchun foydalanilishi mumkin.

Unutmang, terrorchilik faoliyatini har qanday shaklda va usulda qo‘llab-quvvatlash, mablag‘ o‘tkazish yoki xizmatlar ko‘rsatish terrorizmni moliyalashtirish hisoblanadi va 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etishga sabab bo‘lishi mumkin. Hushyorlik va ogohlik — davr talabi. Zero, jamiyatda tinchlikni saqlash, har qanday tahdidlar, jinoyatchilik va yot g‘oyalarga qarshi kurashishda loqaydlikka yo‘l qo‘ymaslik eng muhim vazifalardan biridir. Bu nafaqat davlat organlarining, balki har bir fuqaroning kundalik hayotdagi burchidir.