UzAuto Motors Powertrain kompaniyasida Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuniga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida biomimikriya mavzusidagi seminar bo‘lib o‘tdi.
2026-yilda Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kunining mavzusi: “Tabiatdan ilhomlanib. Iqlim uchun. Kelajagimiz uchun.” konsepsiyasi etib belgilangan. Ushbu mavzuga muvofiq seminar ishtirokchilari biomimikriya tamoyillari bilan tanishdilar. Biomimikriya — bu tabiatdagi mexanizmlar va jarayonlarni o‘rganish hamda ularni muhandislik, ishlab chiqarish va tashkiliy vazifalarni hal etishda qo‘llashga asoslangan yondashuvdir.
Tadbir davomida tabiiy tizimlar va jarayonlar dunyo bo‘ylab kompaniyalarni innovatsion mahsulotlar yaratish, ishlab chiqarish jarayonlarini takomillashtirish hamda operatsion samaradorlikni oshirishga qanday ilhomlantirayotgani haqidagi misollar ko‘rib chiqildi.
Seminarning amaliy qismi jamoaviy ish shaklida tashkil etildi. Ishtirokchilar tabiatdagi mexanizmlar va tashkiliy modellarni ilhom manbai sifatida qabul qilib, kompaniya faoliyatida biomimikriya tamoyillarini qo‘llash bo‘yicha o‘z g‘oyalarini ishlab chiqdilar.
Jamoaviy ish yakunlariga ko‘ra, BDOHC va CSS PRIME yig‘uv tsexlari xodimlaridan iborat jamoa g‘olib deb topildi. Jamoa chumolilar koloniyalarining ishni tashkil etish tamoyillariga asoslangan holda yig‘uv ishlab chiqarishi jarayonlarini takomillashtirish loyihasini taqdim etdi.
Tabiat o‘z yechimlarini millionlab yillar davomida takomillashtirib kelgan. Seminar esa ushbu tamoyillarning ko‘pchiligi ishlab chiqarish jarayonlarini rivojlantirish va kompaniya faoliyati samaradorligini oshirish uchun samarali hamda innovatsion yechimlar manbai bo‘lishi mumkinligini namoyon etdi.