2026.05.26 Moliyaviy piramidalar: xavf va oqibatlar

2026-yil 26-may kuni UzAuto Motors Powertrain kompaniyasida moliyaviy piramidalar va firibgarlik sxemalaridan himoyalanish usullariga bag‘ishlangan axborot sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbir spikeri sifatida yuridik departamenti vakili Dilshod Saidmuradov ishtirok etdi.

 

Uchrashuv davomida ishtirokchilarga moliyaviy piramida nima ekani, bunday sxemalar qanday ishlashi hamda ular fuqarolar uchun nega jiddiy moliyaviy xavf tug‘dirishi haqida batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanishicha, moliyaviy piramida — bu haqiqiy biznes yoki investitsion faoliyatga emas, balki doimiy ravishda yangi ishtirokchilarni jalb qilishga asoslangan firibgarlik shakllaridan biridir.

 

Spiker bunday sxemalar nihoyatda beqaror ekanini alohida qayd etdi: ular bir necha yil, oy faoliyat yuritishi yoki ishga tushirilganidan ko‘p o‘tmay faoliyatini to‘xtatishi mumkin. Shu bilan birga, omonatchilar o‘z mablag‘larining xavfsizligiga hech qachon to‘liq ishonch hosil qila olmaydi, chunki tashkilotchilarning asosiy maqsadi jalb qilingan mablag‘lar hisobidan shaxsiy manfaat ko‘rishdan iborat bo‘ladi.

 

Bunday uchrashuvlar xodimlarning huquqiy va moliyaviy savodxonligini oshirishga yordam beradi, shuningdek, shaxsiy moliyaviy xavfsizlik masalalariga nisbatan yanada mas’uliyatli munosabatni shakllantiradi.