UzAuto Motors Powertrain kompaniyasi Toshkent shahridagi bir qator oliy ta’lim muassasalarida tashkil etilgan mehnat yarmarkalarida ishtirok etdi. Jumladan, Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti, British Management University in Tashkent hamda University of Management and Future Technologies’da o‘tkazilgan tadbirlarda qatnashdi. Kompaniya vakillari talabalar bilan bevosita muloqot olib borib, ularga kompaniya faoliyati, amaliyot o‘tash tartibi hamda mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berishdi. Mehnat yarmarkalari davomida ko‘plab talabalar o‘z ta’lim yo‘nalishlariga mos ravishda kompaniyamizda amaliyot o‘tash orqali olgan nazariy bilimlarini mustahkamlashga katta qiziqish bildirishdi. Bunday mehnat yarmarkalari talabalarga amaliy tajriba orttirish va o‘z karyerasini boshlashda yordam beradi. Shu bilan birga, ish beruvchilarga oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilari orasidan iqtidorli yoshlarni aniqlab, ularni istiqbolli kadrlar sifatida turli lavozimlarga jalb etish imkonini yaratadi.