Powertrainda murakkab muammolarni hal qilish ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha workshop o‘tkazildi
2026-yil 27-mart kuni UzAuto Motors Powertrain xodimlari uchun “Tez o‘zgaruvchan muhitda muammolarni hal qilish” mavzusida workshop tashkil etildi. Mazkur workshop Daryl Capanzana — TechWomen dasturi mentori tomonidan olib borildi.
Daryl Capanzana mahsulot boshqaruvi sohasida katta xalqaro tajribaga ega bo‘lib, Tesla va Twitter kompaniyalarida faoliyat yuritgan. U yerda mahsulotlarni kengaytirish va murakkab operatsion vazifalarni hal qilish, jumladan Tesla Model 3 modelini global miqyosda ishga tushirish jarayonida ishtirok etgan.
Workshop davomida ishtirokchilarga cheklangan vaqt sharoitida murakkab muammolarni hal etishning zamonaviy yondashuvlari taqdim etildi. Ayniqsa, tizimli fikrlash va dizayn-fikrlashni uyg‘unlashtirish, shuningdek, xalqaro amaliyotda qo‘llaniladigan samarali vositalarga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida xodimlar amaliy keyslar tahlilida faol ishtirok etib, olingan bilimlarning yuqori darajada amaliy ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.