2026.02.12 UzAuto Motors Powertrain kompaniyasi Inson resurslarini boshqarish (HRM) bo‘yicha ta’lim loyihasida ishtirok etdi

UzAuto Motors Powertrain kompaniyasi Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti 3-bosqich talabalari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan Human Resource Management (HRM) yo‘nalishidagi o‘quv loyihasida hamkor sifatida ishtirok etdi.

Loyiha doirasida talabalar kompaniyaning HR-amaliyotlarini tahlil qilib, amaldagi jarayonlarni o‘rganish hamda ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishni maqsad qilgan. Mazkur hamkorlik o‘quv jarayoni doirasida amalga oshirilib, bo‘lajak mutaxassislarning kasbiy bilimlarini kengaytirish, HR funksiyalarini amaliy jihatdan chuqurroq anglash hamda tadqiqot va tahliliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan.

 

Hamkorlik doirasida Kadrlarni saralash, Kadrlar servisi va mehnatga haq to‘lash bo‘limlari, shuningdek, Kadrlar xizmati departamenti tarkibidagi HR biznes hamkorlik va mehnat munosabatlari bo‘limi rahbarlari tomonidan talabalar uchun HR Module bo‘yicha sessiya tashkil etildi. Uchrashuv davomida kompaniyada amalga oshirilayotgan asosiy HR jarayonlari, ularning o‘ziga xos jihatlari hamda inson resurslarini boshqarishdagi strategik yondashuv keng yoritib berildi.

 

Shuningdek, talabalar tomonidan loyiha uchun oldindan tayyorlangan savollarga batafsil javoblar berildi.

 

UzAuto Motors Powertrain kompaniyasi yoshlar salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda yetakchi ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kelajakdagi HR yetakchilarini shakllantirishga qo‘shilgan muhim hissa deb biladi.