11 dekabr 2025 yilda “UzAuto Motors Powertrain” AJda Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan ochiq eshiklar kuni tadbiri o‘tkazildi.
“9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni”ga bag‘ishlangan ochiq eshiklar kuni tadbirida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi M. Rasulov, “UzAuto Motors Powertrain” AJ bosh direktori S. Gulyamov, mahalla aktivlari va “UzAuto Motors Powertrain” AJ mehnat jamoasi ishtirok etdi.
“UzAuto Motors Powertrain” AJ bosh direktori S. Gulyamov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyani oldini olish davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri ekanligini, korrupsiyaning oldini olishning huquqiy asoslari O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunida o‘z ifodasini topganligini va “UzAuto Motors Powertrain” AJda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
“UzAuto Motors Powertrain” AJ Komplaens xizmati rahbari A. Odilov o‘z chiqishida, davlat idoralari va muassasalari xodimlarida korrupsiyaga qarshi kurashish tuyg‘usini shakllantirishda birinchi navbatda keng o‘qitish va targ‘ibot ishlarini amalga oshirish lozimligini, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning taraqqiyot garovi — “halollik vaksinasiga” ega bo‘lgan yangi avlodni tarbiyalash va yosh avlodni ushbu tuyg‘u bilan parvarishlash bizning asosiy maqsadimiz ekanligini ta’kidladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi M. Rasulov o‘z nutqida, O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasida “Jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirish” yuzasidan: “korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish tadbirlarining samaradorligini oshirish” vazifasi belgilanganligini, shuningdek, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinganligi — korrupsiyaga qarshi kurash O‘zbekiston Respublikasining davlat siyosati va davlat organlari faoliyatining ustuvor vazifalaridan biri ekanligini ko‘rsatishini ta’kidladi. Mazkur qonun odamlarning hayoti va mehnati bilan topgan mulkiga tajovuz qilayotgan shaxslarga nisbatan murosasiz muhitni yaratishning asosiy tamal toshini qo‘yganini qayd etdi.
Shuningdek, “UzAuto Motors Powertrain” AJ xodimlari tomonidan berilgan savollar doirasida O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, xalqaro hamjamiyat tajribasi asosida ishlab chiqilayotgan korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlari haqida batafsil ma’lumot almashildi.