“Uzavtosanoat” AJning OTMlar bilan hamkorlikni rivojlantirish loyihasi doirasida “UzAuto Motors Powertrain” (keyingi o‘rinlarda — UMPT) kompaniyasi mamlakat universitetlari bilan hamkorlikni faol mustahkamlab bormoqda. Ushbu hamkorlikning asosiy maqsadi — inson kapitali salohiyatini tayyorlash va rivojlantirishdan iborat. Ushbu yo‘nalish doirasida kompaniya turli oliy ta’lim muassasalarining 3-4 kurs talabalari uchun o‘quv sessiyalarini tashkillashtirib, talabalarga amaliyot o‘tash imkoniyatini taqdim etmoqda. Bunday tashabbuslar kelgusida yosh mutaxassislarning kompaniyada ish faoliyatiga samarali moslashuvi uchun muhim bosqich hisoblanadi.
2024–2025 yillar davomida UMPT “Mehnat bozori va karyera qurish”, “Xodimlarning motivatsiyasi va samaradorligi”, “Biznes uchun zarur bo‘lgan odamlar” va boshqa mavzularda 16 ta o‘quv sessiyalarini o‘tkazdi. Shuningdek, kompaniya “UMPTda talabalar oyligi”, “UMPTda talabalar kuni” kabi tashabbuslarni amalga oshirdi hamda “Ochiq eshiklar kuni”, mehnat yarmarkalari va boshqa tadbirlarda ishtirok etdi. Mazkur davr yakuniga ko‘ra, besh nafar bitiruvchi kompaniyaga ishga qabul qilindi va hozirda ular nafaqat kasbiy rivojlanishga, balki tashkilot taraqqiyotiga ham o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Hamkorlikni davom ettirish maqsadida 2025-yil 22-oktabr kuni UMPT va Yangi O‘zbekiston universiteti (New Uzbekistan University) vakillari o‘rtasida dastlabki uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida hamkorlikni nafaqat UMPTda tashkillashtirilayotgan malakaviy amaliyotlar doirasida, balki talabalarni avtomobil sanoatidagi dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan loyihalarga jalb etish, shuningdek, universitetning ilmiy-tadqiqot tashabbuslarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha istiqbollar muhokama qilindi.