2025-yil 10-sentabrdan 10-oktabrgacha Toshkent shahrida “Toza havo” oyi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi hamda Ichki ishlar vazirligi tomonidan “Atmosfera havosini muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunlar talablarini bajarish maqsadida tashkil etildi.
UMPT zavodida ham avtotransport vositalari va statsionar manbalardan chiqayotgan gaz chiqindilari o‘lchab ko‘rildi. Akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriya mutaxassislari korxona avtomobillari, avtobuslari va yuk ko‘taruvchi texnikalarini tekshirishdi.
Obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari doirasida daraxt ekish aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya davomida 120 tup manzarali daraxt ko‘chatlari ekildi. Ushbu daraxtlar fotosintez jarayonida karbonat angidridni yutib, kislorod ajratish orqali havoning sifatini yaxshilaydi. Shuningdek, ular chang, tutun va boshqa zararli zarrachalarni barglari hamda shoxlarida ushlab qolib, atmosferani tabiiy yo‘l bilan tozalaydi.
UMPT xodimlari ekologik tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlamoqda, jumladan, har oyning to‘rtinchi chorshanbasida o‘tkaziladigan “Avtomobilsiz kun” aksiyasida muntazam ishtirok etishmoqda. So‘nggi to‘qqiz oy davomida kompaniya xodimlarining qariyb 70 foizi shaxsiy avtomobildan voz kechib, korporativ va jamoat transporti hamda velosipeddan foydalanishni afzal ko‘rgan. Ushbu tashabbus zararli chiqindilar miqdorini kamaytirish va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirishga xizmat qilmoqda.