2025-yil 20-oktabr kuni “UzAuto Motors Powertrain” AJ korxonasida O‘zbek tili kuniga bag‘ishlab “Ona til – millat ruhi!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda kompaniya rahbariyati, barcha tarmoq departamentlari vakillarihamda korxona xodimlari ishtirok etishdi. “UMPT” bosh direktori Saidazim Gulyamov ishtirokchilar va mehmonlarni bayram bilan tabriklagach, tantanali qism O‘zbekiston Respublikasining davlat madhiyasi ijrosi bilan boshlandi. So‘zga chiqqanlar ona tilimizni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, erishilgan yutuqlar hamda mavjud muammolar haqida o‘z fikrlarini bildirishdi.
Xususan, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari, mashhur shoira Faridа Afruz o‘z chiqishida yorqin misollar orqali 36 yil avval — 1989-yil 21-oktabrda — o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi nafaqat mamlakat mustaqilligi sari qo‘yilgan ilk qadamlardan biri bo‘lganini, balki bu tarixiy voqea yillar davomida ona tilimiz qo‘llaniladigan sohalarni kengaytirish va uning rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratganini ta’kidladi.
Tadbir davomida Sergeli tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish va davlat tili to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi A. Jabborov hamda Respublika Ma’naviyat targ‘iboti markazining mas’ul xodimi G. Xudoyberganova ham so‘zga chiqishdi. Ular ona tilimiz xalqimizning bebaho boyligi ekanini qayd etib, 2020-yildan boshlab O‘zbekistonda 21-oktabr sanasi “O‘zbek tili kuni” sifatida qonuniy ravishda nishonlab kelinayotganini ta’kidlashdi.
Tadbir davomida ona tilimizni ulug‘lovchi she’rlar o‘qildi, o‘zbek tilining tarixi va rivojlanish bosqichlariga bag‘ishlangan videoroliklar namoyish etildi, shuningdek, madaniy chiqishlar taqdim etildi.