2026-yil 26-sentabr kuni UzAuto Motors Powertrain korxonasida an’anaviy Oila kuni bayrami bo‘lib o‘tdi. Bu yilgi bayram Disney Plant mavzusida tashkil etildi. 4 000 dan ortiq xodim va ularning oila a’zolari yorqin taassurotlar va bayramona muhitga boy ushbu keng ko‘lamli tadbirda ishtirok etdi. Bir kun davomida korxona hududi sevimli Disney multfilmlaridan ilhomlangan ertaknamo olamga aylandi. Mehmonlar uchun boy dastur tayyorlandi: attraksionlar, ijodiy mahorat darslari, akvagrim, sovun pufakchalari shousi, karaoke, sovrinli musobaqalar, zavod va ofis bo‘ylab ekskursiyalar, shuningdek, fudkort va mavzuga mos fotohududlar tashkil etildi. Bayramning o‘ziga xos muhitini barcha yoshdagi mehmonlarni xursand qilgan animatorlar va ertak qahramonlari yanada ko‘tarinki ruhda olib bordilar. Bosh sahnadagi bayramning yorqin voqealaridan biri animatorlar ishtirokidagi Kosmo Drums baraban shousi bo‘lib, unda jo‘shqin fleshmob namoyish etildi. Shuningdek, futbol turnirining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Oila kuni — avlodlarni birlashtiruvchi va korporativ birdamlikni mustahkamlovchi UzAuto Motors Powertrainning ezgu an’analaridan biridir. Disney Plant 2026 mehmonlarga birgalikda vaqt o‘tkazish, bayram quvonchini baham ko‘rish va ko‘plab iliq xotiralarni saqlab qolish imkonini berdi.