2026.09.03 Kiberxavfsizlik oyligi doirasida o‘quv seminari o‘tkazildi

Kiberxavfsizlik oyligi doirasida «UzAuto Motors Powertrain» AJda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda korxona xodimlari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi.

Tadbirning asosiy maqsadi xodimlarning zamonaviy kiberxavflar, keng tarqalgan kiberfiribgarlik sxemalari va ulardan himoyalanish usullari bo‘yicha xabardorligini oshirishdan iborat bo‘ldi.

Seminar davomida xodimlarga kiberjinoyatchilar fuqarolar va tashkilotlar xodimlarining ishonchiga kirish uchun foydalanadigan keng tarqalgan usullar haqida ma’lumot berildi. Jumladan, soxta xizmat guvohnomalaridan foydalanish, telefon qo‘ng‘iroqlari, videoxabarlar, rahbarlarning soxta akkauntlari, shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida yaratilgan videomateriallardan foydalanish holatlari ko‘rib chiqildi.

Telegram va WhatsApp messenjerlaridagi firibgarlik sxemalariga, fishing havolalariga, «Ovoz bering» mazmunidagi xabarlarga, SMS-kodlar va parollarni qo‘lga kiritishga bo‘lgan urinishlarga, shuningdek, pul mablag‘larini uchinchi shaxslarning bank kartalari yoki hisob raqamlariga o‘tkazish talablari kabi holatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Xodimlarga firibgarlik sxemalarini aniqlash va raqamli muhitda xavfsiz xatti-harakatlarni ta’minlash bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

📌 Kiberxavfsizlikning asosiy tamoyili — har bir xodimning hushyorligi. Shubhali xabarlarga ishonmang, noma’lum havolalarga o‘tmang va hech qachon parol hamda SMS-kodlarni uchinchi shaxslarga bermang.