Korrupsiyaga qarshi izchil kurash va zamonaviy tizimning tarmoqlardagi samaradorligi xususida
So‘nggi davrda O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilash, boshqaruv tizimida shaffoflik va qonuniylikni ta’minlash borasida keng ko‘lamli, tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz rahnamoligida korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangani bejiz emas. Zero, korrupsiya — har qanday taraqqiyotga to‘siq bo‘luvchi, davlatning iqtisodiy poydevorini yemiruvchi va xalqning adolatga ishonchiga putur yetkazuvchi xavfli illatdir. Bugungi kunda mazkur transformatsiya jarayonlari faqatgina davlat idoralari bilan cheklanib qolmay, yirik iqtisodiy tarmoqlar va ishlab chiqarish subyektlari faoliyatining ham ajralmas mezoniga aylandi.
Ushbu global islohotlarning mantiqiy davomi sifatida korxona va tashkilotlarda zamonaviy komplaens-nazorat tizimini joriy etish va uning funksional vazifalari ko‘lamini davr talabiga mos ravishda kengaytirib borishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada mamlakatimiz avtomobilsozlik sanoatining yetakchi korxonalaridan biri bo‘lgan “UzAuto Motors Powertrain” aksiyadorlik jamiyati ham davlat siyosatiga hamohang ravishda korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Korxonamizda tashkil etilgan Ichki nazorat va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi ayni shu maqsadlar yo‘lida komplaens xizmatini bajaruvchi muhim tuzilma hisoblanadi.
Joriy yilda korxonamiz faoliyatida xavf-xatarlarni boshqarish, sanksiya va eksport nazorati talablariga qat’iy rioya etish, kadrlarni ochiqlik tamoyillari asosida ishga qabul qilish va rotatsiyasini amalga oshirish, manfaatlar to‘qnashuvini samarali boshqarish hamda davlat xaridlari jarayonlarida tizimli qonunbuzilishlarning oldini olish maqsadida 32 banddan iborat keng qamrovli Monitoring va nazorat rejasi ishlab chiqildi. Ushbu strategik dastur doirasida belgilangan har bir vazifaning ijrosi qat’iy muddatlarda ta’minlanib, ichki nazorat tadbirlari izchil kuchaytirildi.
Hozirgi kunda korxonada imzolanayotgan barcha ichki lokal hujjatlar, buyruq va farmoyishlarning qonunchilikka mosligi, amaldagi ichki siyosat va tamoyillarga muvofiqligi, shuningdek, ularda manfaatlar to‘qnashuvi alomatlari mavjud emasligi komplaens xizmati mutaxassislarining majburiy huquqiy-ekspertlik xulosasi asosida o‘tkazilishi qat’iy belgilab qo‘yilgan. Bu esa boshqaruv qarorlarini qabul qilishda subyektivlik va suiiste’molchilik xavfini minimallashtirish imkonini bermoqda.
Albatta, korrupsiyaga qarshi murosasiz muhitni shakllantirishda faqatgina ma’muriy usullar bilan cheklanib bo‘lmaydi. Bu jarayonda intellektual omil, ya’ni xodimlarning huquqiy ongi, malakasi va ijtimoiy mas’uliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shu maqsadda xodimlarning professional salohiyatini mustahkamlash, ularda ushbu illatga nisbatan nafrat va murosasiz munosabatni tarbiyalash yo‘nalishida tizimli ishlar olib borilmoqda. Xususan, respublika darajasidagi huquqni muhofaza qilish organlari va boshqa ixtisoslashtirilgan muassasalar bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan o‘quv kurslarida korxonamiz mutaxassislari muntazam ravishda malaka oshirib kelmoqda. Bu esa jamoamizda korrupsiyaga qarshi kuchli mafkuraviy immunitetni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Davlat va jamiyatning sog‘lom hayotiga yot bo‘lgan illatlarga chek qo‘yishning eng samarali garovi, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, sohada “halollik vaksinasi” bilan “emlangan”, yangicha tafakkurga ega avlodni tarbiyalashdir. Biz ham o‘z oldimizga nafaqat ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini oshirish, balki yosh mutaxassislarimizni ushbu yuksak ma’naviy-huquqiy tuyg‘u bilan tarbiyalash, ular qalbida halollik va vatanparvarlik fazilatlarini kamol toptirishni asosiy maqsad qilib qo‘yganmiz.
Ochiqlik va jamoatchilik oldidagi hisobdorlik — komplaens tizimining muhim shartlaridan biridir. Shu bois “UzAuto Motors Powertrain” AJ o‘zining rasmiy veb-sahifasida korxona faoliyatiga oid moliyaviy-iqtisodiy hujjatlar, hisobotlar va muhim ma’lumotlarni jamoatchilik uchun ochiq hamda shaffof tarzda taqdim etib kelmoqda. Bu esa tashqi nazorat va jamoatchilik eshituvini ta’minlashda yuksak natija bermoqda.
Erishilgan yutuqlarning xalqaro e’tirofi sifatida korxonamizda ISO 37001:2016 — “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” xalqaro standarti to‘liq tatbiq etildi va nufuzli xalqaro sertifikatlashtirish organi tomonidan tegishli muvofiqlik sertifikati qo‘lga kiritildi. Bundan tashqari, bu yildan boshqaruv tizimi samaradorligini yanada yuqori bosqichga ko‘tarish maqsadida ISO 37301:2021 — “Komplaens menejment tizimi” xalqaro standarti talablarini joriy qilish hamda xalqaro sertifikatni olish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.
“UzAuto Motors Powertrain” AJda korrupsiyaning oldini olish, ish yurituvida to‘liq shaffoflikni ta’minlash va firibgarlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurashish tizimlari O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari bilan to‘liq hamohangdir. Biz kelgusida ham ushbu tizimni yanada takomillashtirish, sohada erishilgan natijalarni barqaror saqlash va korxonamizni korrupsiyadan xoli namunaviy hududga aylantirish yo‘lida bor kuch va salohiyatimizni safarbar etamiz.
“UzAuto Motors Powertrain” AJ rahbariyati