Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni munosabati bilan 5 iyunda UzAuto Motors Powertrain AJ xodimlari “Qadriya” suv tozalash stansiyasiga tashrif buyurdilar. Ekskursiya davomida ishtirokchilar ichimlik suvini tozalash jarayoni, suv sifatini nazorat qilish usullari hamda zamonaviy ekologik texnologiyalar bilan yaqindan tanishdilar.
“Qadriya” suv tozalash stansiyasiga yer usti suvlaridan kelib tushadi. Suv dastlab 500 ming m³ sig‘imga ega sun’iy hovuzda yig‘iladi va shundan so‘ng zamonaviy texnologiyalar asosida tozalash jarayonlari amalga oshiriladi.
Mazkur stansiya Toshkent shahri aholisining taxminan 70 foizini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Shuningdek, Toshkent viloyatining Zangiota tumani, Toshkent tumani hamda boshqa ayrim hududlarning qariyb 15 foizi ham toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.
Stansiya har soatda 70 ming m³ toza ichimlik suvini Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisiga yetkazib beradi.
Tadbirning asosiy maqsadi xodimlarning ekologik madaniyatini oshirish, suv resurslarini asrashning ahamiyatini keng targ‘ib qilish hamda atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatni shakllantirishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif davomida ishtirokchilar suvni tejash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologiyani asrash bugungi kunning eng muhim vazifalaridan biri ekanligini alohida ta’kidladilar.