2026-yil 30-may kuni Toshkent shahridagi Hyatt Regency mehmonxonasida qizlar uchun mo‘ljallangan xalqaro texnologik tanlov — Technovation Girls Uzbekistan 2026 dasturining tantanali tadbiri bo‘lib o‘tdi. Joriy yilda Technovation Girls dasturi O‘zbekistonda o‘zining 10 yillik faoliyatini nishonladi.
Tanlov doirasida Toshkent shahri va O‘zbekistonning turli hududlaridan kelgan 143 ta jamoa ijtimoiy yo‘naltirilgan mobil ilovalar loyihalarini taqdim etdi.
Tadbirda UzAuto Motors Powertrain kompaniyasi xodimlari ham faol ishtirok etdi. Kompaniyaning ekologlar jamoasi “Ekologiya va iqlim o‘zgarishi” nominatsiyasida g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga kompaniya nomidan esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Shuningdek, ekologiya muhandisi Elmira Sharipova BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va Jahon banki vakillari bilan birgalikda marosimda so‘zga chiqib, O‘zbekistondagi Technovation Girls loyihasi haqidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi hamda barcha ishtirokchilar, ularning mentorlari va dastur tashkilotchilarini tabrikladi.
Technovation Girls Uzbekistan dasturi koordinatorlari UzAuto Motors Powertrain kompaniyasi rahbariyatiga loyiha doirasidagi ko‘p yillik hamkorlik va qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi. UMPT kompaniyasi 2017-yildan buyon O‘zbekistondagi Technovation Girls dasturining hamkorlaridan biri hisoblanadi.